Valyuta kurslari 02/12/2024
$1 – 12852.00
UZS – -0,1%
€1 – 13569.14
UZS – 0,14%
₽1 – 118.99
UZS – 1,94%
Qidirish
Iqtisod 05/11/2024 Shanxayda yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi rasman ochildi

Shanxayda yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi rasman ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 5-noyabr kuni Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi doirasida xalqaro iqtisodiy forum o‘tkazildi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala hamda (videomurojaat), BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi Rebeka Grinspan (videomurojaat), Slovakiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Indoneziya, Nikaragua, Tanzaniya va boshqa 182 mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, bunda Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va do‘stona munosabatlar muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanishi, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetgani, yaqin istiqbolda uning hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar va eng muhimi birgalikda rivojlanish uchun xohish borligi ma’lum qilindi.

Oxirgi yillarda Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar oshdi. Qo‘shma loyihalar portfeli 53 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.

Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatning ochiqligi, investitsion salohiyati yuksalishi, sarmoyadorlarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ham so‘z yuritildi.

Ma’lum qilinganidek, oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirildi.

2030-yilgacha “yashil” energiya manbalarini 40 foizga yetkazish borasida ish olib borilmoqda.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan turli sohalarda aloqalarni kengaytirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdordir.

Forumdan so‘ng delegatsiyalar rahbarlari 73 davlat qatnashayotgan ko‘rgazma faoliyati bilan tanishdi.

Xususan, “Made in Uzbekistan” deb nomlangan O‘zbekiston pavilonida sanoat, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, farmatsevtika, turizm, IT, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma joriy yilning 10-noyabriga qadar davom etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling