Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
O‘zbekiston 05/11/2024 Shanxayda O‘zbekiston Bosh vaziri Xitoy Bosh vaziri bilan uchrashdi

Shanxayda O‘zbekiston Bosh vaziri Xitoy Bosh vaziri bilan uchrashdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 5-10-noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur tadbirda faxriy mehmon maqomida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi bugun, 4-noyabr kuni Shanxayga tashrif buyurdi. 

Tashrif doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Dastlab, O‘zbekiston tomoni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga yo‘llagan samimiy salomini yetkazdi. O‘z navbatida, Xitoy tomoni Si Szinpinning Davlatimiz rahbariga ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.

Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, munosabatlarning bugungi darajaga ko‘tarilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli, samimiy va do‘stona munosabatlar asosiy omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Xususan, 2023-yilda savdo aylanmasi 14 mlrd dollarga yetdi. Davlatlar Rahbarlari hukumatlar zimmasiga uning hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlashda barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun esa o‘zaro sa’y-harakatlari birlashtirish lozimligi bildirildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, sanoat, infratuzilma, transport-logistika, “yashil” energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, IT, ta’lim, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Shanxayga tashrif doirasida Shanxay shahri Partiya qo‘mitasi kotibi Chen Szinin hamda “Henan investment Group”, “China Datang Group”, “Shanxi Tianhai Group” singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Xitoyga amaliy tashrifi davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling