Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Iqtisod 23/04/2025 Shanghai Electric O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi uchun turbinalar yetkazib berishi mumkin

Shanghai Electric O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi uchun turbinalar yetkazib berishi mumkin

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 22-25-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi delegatsiyasi direktor Azim Ahmedxadjayev boshchiligida Xitoyda ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif atom energetikasi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasini amalga oshirishning asosiy jihatlarini muhokama qilishga qaratilgan.

Joriy yil 22-aprel kuni Xitoy Milliy Yadro Korporatsiyasi (CNNC)ning xorijiy loyihalar uchun mas’ul bo‘lgan bo‘limi  CNOS ofisida O‘zatom Agentligi, “Rosatom” Davlat Korporatsiyasi va Shanghai Electric kompaniyasi vakillari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi Shanghai Electric kompaniyasining turbina jihozlari ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish va ushbu jihozlarni O‘zbekistonda AES loyihasi talablariga moslashtirish istiqbollarini baholashdan iborat bo'ldi.

Muzokaralar davomida tomonlar AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun jihozlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar. Muhokama loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan texnologik jihozlarning xususiyatlari kabi keng ko‘lamli texnik jihatlarni qamrab oldi.

Uchrashuv davomida Xitoy tomoni "O‘zatom", "Rosatom" va CNNC o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu hujjat CNNCning O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasidagi rol va mas'uliyatini aniq belgilashga xizmat qiladi, bu esa loyiha rivojlanishi uchun muhim qadam bo‘ladi.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyihadir. "O‘zatom" Agentligi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda loyihani amalga oshirish ustida faol ishlamoqda, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishonchli jihoz yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda.

Shanghai Electric — atom va issiqlik elektr stansiyalari uchun energetika va turbina jihozlari ishlab chiqaruvchi Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biridir. Kompaniya katta tajribaga ega bo‘lib, 39 ta AES uchun yadroviy bo‘lmagan orol jihozlarini yetkazib bergan, jumladan, Xitoyda 37 ta va Pokistonda 2 ta ob’ekt. Shanghai Electric assortimentida quvvati 50 dan 1240 MVt gacha bo‘lgan turbogeneratorlar mavjud.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling