Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgani uchun uzr so‘radi va ma’muriy jarimaga tortildi.
Sportchi ijtimoiy tarmoqlarda ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazayotgan videosi tarqalgandan so‘ng mojaro markazida qoldi. Bu video jamoatchilikning keng muhokamasi va tanqidlariga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Ekologiya vazirligining ekologik nazorat inspeksiyasi va IIV xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga muvofiq qonunbuzarlik sodir etilgani aniqlandi.
Shahram G‘iyosovga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi va unga uch karra bazaviy hisoblash miqdorida jarima tayinlandi. Video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tegishli tushuntirish xatlari olindi va ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirildi
Qolaversa, bokschi Shahram G‘iyosov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga chaqirtirilib, Vazirlar Mahkamasining "Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni saqlash va turli maqsadlarda foydalanish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish taqiqlangani tushuntirildi. O‘z navbatida Shahram G‘iyosov uzr so‘rab, o‘z xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidladi.
Ekologiya vazirligi yovvoyi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishni keskin qoralaydi! Bu kabi huquqbuzarliklar qonunchilikka ko‘ra qat’iy javobgarlikka sabab bo‘ladi.