Senatorlar muvofiqlikni baholash organlarining masʼuliyatini yanada oshirishga va tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan Qonunni muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga muvofiqlikni baholash organlarining masʼuliyatini yanada oshirishga hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy usullarni joriy etish orqali isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.
Senat aʼzolari muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun taʼsir choralarini kuchaytirish, texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berish mexanizmlarini shakllantirish maqsadida qonunchilik hujjatlarini yana-da takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotganligiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiqlikni baholash organlarining masʼuliyatini oshirishga hamda texnik reglamentlar va qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan standartlarga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida ushbu Qonun kelgusida muvofiqlikni baholash organlarining masʼuliyatini oshirishga va isteʼmolchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, yalpi majlis davomida Qonun qizg‘in muhokama qilinib, huquqiy hujjat tegishli talablarga javob bermaydigan mahsulotni chaqirib olgan yuridik shaxslarni moliyaviy sanksiyalardan ozod qilish orqali sifatsiz va xavfli mahsulotlar realizatsiyasi hamda isteʼmolini cheklashni ham taʼminlashi qayd etildi.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.