Senatda Qatar elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-mart kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qatar Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlik loyihalarini kengaytirish hamda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Qatar Davlati Maslahat Kengashi bilan parlamentlararo do‘stlik guruhini faollashtirish, hududiy kengashlar bilan muloqotlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Qatar Maslahat Kengashi vakillari bilan samarali muloqotlarni tashkil etishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida keng qamrovli o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.