Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Qonun bilan 2025-yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida biznes yuritishni yengillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida ayrim qonunchilik hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
2025-yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i 0,95 foiz, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish (o‘stirish) uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 1 kub metrga 100 so‘m, ijtimoiy soliq 12 foiz (byudjet tashkilotlari – 25%), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.
Qonun qabul qilinishi natijasida tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi taʼminlanadi.
Qayd etilganidek, soliq siyosatida asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab qolgan holda aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish hamda atrof muhitni himoya qilishni rag‘batlantirish yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda.
2025-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlar uchun soliq yukini kamaytirish orqali qulay biznes muhitini yaratish maqsadida mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinmoqda hamda barcha nashriyot va matbaa korxonalari 2025-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘idan ozod etilmoqda.
Qonunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy budjetga oid vakolatlari kengaytirilgan. Ularga tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy soliq stavkasini eng kam va eng yuqori stavkalar (diapazonda) doirasida belgilash hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida Qonunda byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda sog‘lom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni rag‘batlantirish masalalariga eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.