Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Muloqotlarning asosiy maqsadi neft va gaz loyihalarining samaradorligini oshirish, uglevodorodlarni qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va soha rivojini ta’minlashda yangi texnologiyalar, xalqaro tajribalarni jalb qilishdan iborat.
“O‘zbekneftgaz” AJ va “Schlumberger” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda hamkorlikning bugungi natijalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan rejalar belgilab olindi.
Xususan, tomonlar Qo‘shma loyihalarni boshqaruv jamoasini (Joint Project Management Team) tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Ushbu jamoaning vazifasi Ustyurt hududidagi uglevodorod konlarini ishlatishda yangi boshqaruv tizimini joriy etishni muvofiqlashtirdan iborat bo‘ladi. Shu tariqa loyihaning izchil va samarali amalga oshirilishi ta’minlanib, hamkorlik ikki tomonlama uzoq muddatli shartnomada qayd etiladi.
Uchrashuvda belgilangan rejalar va erishilgan kelishuvlar operasion samaradorlikni oshirish va innovasion yechimlarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.