Savdo-sanoat palatasi va Wildberries o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 17 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Wildberries‘ning O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Wildberries platformasida mahalliy tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, o‘zbek mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish va elektron tijoratni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Wildberries o‘rtasida elektron tijoratni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi:
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning eksport salohiyatini Wildberries platformasi orqali qo‘llab-quvvatlash;
Biznes uchun seminar va treninglar tashkil etish;
Palata ko‘magida PRO Wildberries bazasida taʼlim markazlari yaratish;
Onlayn-tijorat rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish;
O‘zbekiston tadbirkorlarining mahsulotlarini xalqaro bozorlarga ilgari surish.
Tomonlar imzolangan memorandum O‘zbekiston mahsulotlarini xalqaro bozorlarga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.