Samarqandda chiqindi yoqish zavodi qurilishiga start berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Maʼlumki so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan atrof-muhit muhofazasi, xususan chiqindilarni iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda sohani samarali boshqarish va poligonlarni qisqartirish, aholi roziligiga erishishga doir qator chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya manbai olishga asoslangan zamonaviy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Shanghai SUS Environment” LLC yetakchi ekologik kompaniyasi rahbari Long Ji Sheng o'rtasida chiqindilarni yetkazib berish bitimlari imzolangan edi.
Unda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi Samarqand viloyatida bosqichma-bosqich tadbiq etilishi nazarda tutilgan. Mazkur loyiha Xitoy Xalq Respublikasining “Shanghai SUS Environment” LLC yirik kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bu borada, qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-mart kuni PQ-118-son qarori qabul qilingan edi.
Unga ko'ra hududda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etiladi.
Bugun, 18-iyul kuni Samarqand shahri “Xushrav” qo'rg'oni “Navro'z” MFYda joylashgan 15 gektar hududda chiqindi yoqish zavodiga tamal toshi qo'yilib, qurilish jarayonlariga start berildi.
Jarayonda Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov so'zga chiqib, "Ushbu loyihalar atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi maqsadlarga xizmat qilishi" haqida ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, ochilish marosimida tashabbuskor investorlar, viloyat hokimi, Ekologiya va Chiqindilarni boshqarish boshqarmalari, sektorlar mas'ullari, mahalla va sanitar tozalash korxonalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Samarqand viloyatida “Shanghai SUS Environment” LLC kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 150 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan. Kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga jami 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha 150-200 ta yangi ish o'rni yaratilishi bilan ham ahamiyatlidir. Investor tomonidan 2025–2027 yillarda loyihaning ishga tushirilishi taʼminlanadi.
Elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq loyiha kompaniya ishlab chiqargan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi.