Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyada sodir bo‘lgan YTHda uch kishi, jumladan, O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi.
Voqea 10 noyabr kuni ertalab Rossiyaning Penza viloyatidagi M-5 federal avtomagistralining 738-kilometrida sodir bo‘lgan.
O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi ma’lumotlariga ko‘ra, YTH oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, ulardan biri O‘zbekiston fuqarosi. Qolgan ikki qurbonning millati aniqlanmoqda.
Bundan tashqari, Penza viloyatining Kuznetsk tumanlararo kasalxonasiga turli darajadagi tan jarohatlari bilan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi yetkazilgan.
Bosh konsullik vaziyatni nazoratga oldi, vakillar shoshilinch masalalarni zudlik bilan hal qilish uchun voqea joyiga borishdi.
Mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, halok bo‘lganlarning jasadlarini vataniga jo‘natishni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.