“Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda rieltorlik xizmatlar bozoridagi talablarni qondirish maqsadida rieltorlik faoliyatini rivojlantirish, ushbu xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, rieltorlik faoliyatini tartibga solish, sohada amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni zamonaviy tendensiyalarga va qonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqligini o‘rganish, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan norasmiy vositachilarning (maklerlarning) yashirin bozorini qisqartirish, ular faoliyatining ochiqligi va halolligini ta’minlagan holda “ko‘chmas mulk bo‘yicha agenti” sifatida rieltorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berish, bu bilan raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilarining rieltorlarga nisbatan ishonchini oshirish hamda fuqarolarning aldanish holatlarini oldini olish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, bankdan tashqari aylanmani, shu orqali yashirin iqtisodiyotning qisqarishi va rieltorlik xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish maqsadida ko‘chmas mulk obyektlarining elektron savdosini hamda hisob-kitoblarni elektron shaklda amalga oshirish (kliring) imkonini beruvchi multilisting tizimlarini (elektron savdosini) tashkil etish belgilanyapti.
Loyiha bilan rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari o‘rnini kengaytirish, ularga yangi vazifalar va vakolatlar berish ham taklif etilmoqda. Shuningdek, rieltorlik subyektlarining to‘g‘ri hisobini yuritish, ular haqida jamoatchilikka ochiq axborot yetkazish, va samarali monitoringni yo‘lga qo‘yish maqsadida, aholi uchun ochiq bo‘lgan rieltorlik subyektlarining “Yagona reyestri” axborot tizimini joriy etish belgilanmoqda.
Majlisda deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlashdi. Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev qonun loyihasining 19-moddasida rieltorlik tashkilotiga qo‘yilayotgan majburiy shartlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, ulardan biri, ya’ni rieltorlik tashkiloti professional jamoat birlashmalaridan biriga a’zo bo‘lishi kerak, deya majburiyat qilib belgilanishi nazarda tutilayotgani amaldagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunlar normalariga zid bo‘lib qolmaydimi? degan savol o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan, rieltor, rieltorlik tashkiloti, rieltorlik faoliyatining asosiy prinsiplari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga oid bir qator aniqlashtiruvchi savollar ham berildi.
Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berdilar.
Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.