Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Turizm 18/04/2025 Respublikada eng yaxshi yoqilg‘i quyish shoxobchalari aniqlandi

Respublikada eng yaxshi yoqilg‘i quyish shoxobchalari aniqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uning hududlar iqtisodiyotidagi ulushini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar davom etmoqda.

Turistlar oqimi ortib borayotgan sharoitda asosiy turistik yo‘nalishlar va avtomagistrallar bo‘ylab zamonaviy sanitar-gigiyenik obyektlar barpo etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu inshootlar xalqaro standartlarga, jumladan, imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulaylik talablariga javob beradi.

17 aprel kuni Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan mamlakatning eng yaxshi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga «Quality service» sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi:

AGQKS (avtomobil gaz qo‘yish kompressor stansiyalari)

AGQS (avtomobil gaz quyish stansiyalari)

AYQSh (avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari)

Mazkur mukofotlar aholi va sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmatlar tashkil etishda eng masʼuliyatli yondashgan korxonalarga topshirildi.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev taʼkidladi:

«2017–2025 yillar mobaynida O‘zbekistonda zamonaviy talablarga javob beradigan 10 000 dan ortiq hojatxonalar barpo etildi yoki modernizatsiya qilindi. Ulardan taxminan yarmi yoqilg‘i quyish shoxobchalari hududida joylashgan. Agar 2019 yilda AYQShlarning bor-yo‘g‘i 20%i talablarga javob bergan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich davlat va biznes hamkorligi tufayli 95%dan oshgan».

G‘oliblar Respublika va hududiy ishchi guruhlarning monitoring natijalariga ko‘ra aniqlandi. Ilk bor 2025 yil — «Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan eng yaxshi ekologik hududga ega AYQSh alohida taʼkidlandi va uning tajribasini ommalashtirish tavsiya etildi.

Shuningdek, faol ishtirok etgan Respublika ishchi guruhi aʼzolari va hududiy turizm boshqarmalari xodimlari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir davlat va biznes o‘rtasida fuqarolar hamda mamlakat mehmonlari uchun qulay infratuzilma yaratishdagi hamkorlik muhimligini yana bir bor namoyon etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling