Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan “YANDEXGO UB” MCHJ ustun mavqega ega raqamli platforma operator sifatida e’tirof etilgan.
Bugungi kunda Yandex Go platformasida taksida yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlari oshishi kuzatilmoqda va ushbu holat yuzasidan iste’molchilardan Qo‘mitaga murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur holatlar yuzasidan platformaning dekabr oyidagi dastlabki 10 kunlik xizmat narxlari monitoring qilinganda narxlar dinamikasida keskin o‘zgarish kuzatilganligi aniqlandi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustun mavqeini suiiste’mol qilish, xususan monopol yuqori narx belgilash taqiqlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi “YandexGo UB” MCHJni taksida yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlarini pasaytirish bo‘yicha chora ko‘rish hamda platforma narx algoritmini qayta ko‘rib chiqishi bo‘yicha ogohlantirdi.