Valyuta kurslari 12/03/2025
$1 – 12931.94
UZS – -0,06%
€1 – 14107.45
UZS – 0,37%
₽1 – 150.18
UZS – 3,13%
Qidirish
O‘zbekiston 10/02/2025 Qurol, giyohvand moddalar va inson savdosi: huquq-tartibot idoralari butun mamlakat bo‘ylab reydlar o‘tkazdi

Qurol, giyohvand moddalar va inson savdosi: huquq-tartibot idoralari butun mamlakat bo‘ylab reydlar o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan joriy yilning 5-7 fevral kunlari mamlakatimiz miqyosida “Oriat” va “Qoradori” keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazildi.

7 fevral kuni o‘tkazilgan “Oriat” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari davomida axloq va sog‘liqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS) va boshqa turdagi yuqumli, teri-tanosil kasalliklarining tarqalishini oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida hamkorlikdagi tadbirlar olib borildi.

Tadbirlar doirasida 340 ta obyekt tekshirilib, aholi salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan 2.957 nafar shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va mobil tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 93 ta jinoyat ishlari doirasida 94 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 153 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 1.920 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi hamda ularning 766 nafari rasmiy ogohlantirildi.

“Qoradori” keng ko‘lamli tadbirlarining ikkinchi bosqichida jami 640 ta maxsus tezkor tadbirlar doirasida 1.401 nafar giyohvandlik vositalarini tarqatish, saqlash, isteʼmol qilishda gumon qilingan shaxslar bilan tezkor va profilaktik ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirildi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 28 kg. 857 gr. giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari) hamda 9.421 dona kuchli taʼsir qiluvchi va psixotrop dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi to‘xtatib qolindi. 18 ta noqonuniy o‘q otar qurol va 126 dona sovuq qurollar aniqlandi.

Shuningdek, 339 nafar shaxslarga nisbatan 269 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 119 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi. 53 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 656 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 234 nafari rasmiy ogohlantirildi.

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumanida 1 kg sintetik giyohvandlik vositasi “zakladka” usulida ko‘milgani to‘g‘risida tezkor maʼlumot olindi.

Maʼlumot asosida olib borilgan tadbirlar natijasida 1986 va 2002 yilda tug‘ilgan, ikki nafar shaxs giyohvandlik vositasini ko‘milgan joydan olayotgan vaqtida ushlandi. Ulardan biri yashab kelayotgan Mirobod tumanidagi uyning turli joylarida “zakladka” usulida tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan jami 200 gr. sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, izolyatsion lenta va zip-paketlar borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.

Odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1986 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrida vaqtincha yashab kelayotgan Turkiya Respublikasi fuqarosi va ikki nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qo‘lga olindi. Ushbu shaxslar o‘zaro jinoiy til biriktirib, jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida 2 nafar ayolni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga jo‘natayotgan vaqtlarida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlandi.

Poytaxt hududida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 1980 yilda tug‘ilgan shaxs Uchtepa tumanida 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroga tahdid qilib, uning yuz sohasiga bir necha marotaba urganligi va narxi 280 AQSH dollari bo‘lgan qo‘l telefoni hamda 460 ming so‘m pullarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringanligi aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, ushbu shaxsning tanishi o‘zining yashash manzilida “Makarov” pistoletini saqlab kelayotganligi haqida tezkor maʼlumot olindi. 6 fevral kuni 1978 yilda tug‘ilgan mazkur shaxs ushlanib, uning Uchtepa tumanidagi uyida o‘tkazilgan tintuv davomida, 1980 yilda ishlab chiqarilgan 1 dona “Makarov” pistoleti, 2 dona o‘qdon va 15 ta jangovar patronlar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tezkor tadbirlar boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling