Valyuta kurslari 20/03/2025
$1 – 12926.51
UZS – -0,07%
€1 – 14092.48
UZS – -0,51%
₽1 – 156.00
UZS – -1,76%
Qidirish
Moliya 20/03/2025 Qurilish materiallari sanoati O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi asosida yanada rivojlantiriladi

Qurilish materiallari sanoati O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi asosida yanada rivojlantiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik tobora mustahkamlanib, qurilish materiallari sanoatidagi aloqalar yangi bosqichga chiqmoqda. Ikki davlatning milliy qadriyatlari va urf-odatlarining o‘xshashligi, shuningdek, Turkiyaning qurilish sanoatidagi ilg‘or tajribasi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

2025-yil 20-mart kuni IMSAD – Turkiyaning Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi bilan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida IMSAD va “O‘zsanoatqurilishbank” o‘rtasida jami to‘qqizta strategik yo‘nalish bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan hamkorlik rejasi tasdiqlandi. Jumladan:

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va sohadagi tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish;

Xomashyo sifati va qurilish materiallari standartlarini oshirish, milliy normalarni Turkiya tajribasi asosida modernizatsiya qilish;

Sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish;

Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va xorijiy brendlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida qurilish materiallari sohasidagi tovar ayirboshlash hajmi 64,5 million AQSH dollarini tashkil etgani qayd etildi. Kelgusida talab qoplanmagan qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida biznes-forumlar tashkil etishga kelishib olindi.

Turkiyaning Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi – IMSAD 1984-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u 85 ta yirik kompaniya, 60 ta uyushma, 1 ta kasaba uyushmasi va 5 ta universitetni o‘z ichiga oladi. Ularning jami ishlab chiqarish hajmi 120 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling