Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Rossiya g‘alla mahsulotlarini O‘zbekiston va Xitoyga reeksport qilishni 2024-yil oxirigacha chekladi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenovning so‘zlariga tayangan holda TACC xabar berdi.
Bektenovning tushuntirishicha, ushbu qaror Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) davlatlari va uchinchi mamlakatlardan bug‘doy import qilinishini taqiqlash bilan bog‘liq. Ilgari Qozog‘iston bug‘doy import qilishga taqiqni 2024-yil oxirigacha joriy qilgan edi, bu esa Rossiya g‘alla mahsulotlarining O‘zbekiston va Xitoyga reeksportini qiyinlashtirdi.
Shuningdek, bosh vazir 2024-yilda Qozog‘iston YEOII davlatlari yuklarining o‘z hududi orqali tranzit yuk tashishlari uchun yagona tarif darajasini oshirganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston tomonidan uchinchi mamlakatlar va YEOII davlatlaridan bug‘doy import qilish taqiqlari joriy yilning avgust oyida kuchga kirgan edi.