Valyuta kurslari 13/06/2025
$1 – 12705.79
UZS – 0,47%
€1 – 14704.41
UZS – 1,68%
₽1 – 159.20
UZS – -1,04%
Qidirish
O‘zbekiston 12/06/2025 Qo‘qon shahrida “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining yashirin guruhi aʼzolari ushlandi

Qo‘qon shahrida “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining yashirin guruhi aʼzolari ushlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining yashirin guruhi fosh etildi.

Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1962 y.t., muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga aʼzo bo‘lib, Jinoyat Kodeksining 159 va 244 prim 1 hamda 244 prim 2 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun 2000-2019 yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan shaxs 1965-1971 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy guruh tuzgan.

2024-2025 yillar davomida Qo‘qon shahridagi choyxona va oshxonalarda o‘tkazilgan o‘zaro yig‘inlarda guruh aʼzolari “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalarini O‘zbekistonga olib kirilishini, ushbu tashkilot tomonidan chop etilgan kitob va jurnallarda ifodalangan aqidaparastlikni, xalifalik davlati qurish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelishgan.

Shuningdek, “Telegram” messenjeridagi yopiq kanalga aʼzo bo‘lib, unda “Hizb ut-Tahrir” DETga tegishli materiallar bilan muntazam tanishib borishgan.

Taʼkidlash lozimki, guruhning 1971 y.t. aʼzosi ham muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidagi ishtiroki uchun 23 yillik jazo muddatini o‘tab, 2024 yilning aprel oyida ozodlikka chiqqan bo‘lsa, boshqa bir aʼzosi esa firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun umrining maʼlum bir qismini panjara ortida o‘tkazgan shaxs hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159 va 244 prim 1 hamda 244 prim 2 moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling