Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 18/12/2024 Qonunchilik palatasi sudlar faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunni tasdiqladi

Qonunchilik palatasi sudlar faoliyatining konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunni tasdiqladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Sudlarning faoliyatiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunlarning normalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunga Sudyalar oliy kengashi tarkibi, xususan, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibi Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi belgilab qo‘yilyapti. Shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi nazarda tutilyapti.

Shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. Aybsizlik prezumpsiyasi va “Habeas korpus” institutini yanada qaror toptirishga oid qoidalar aks etyapti.

Kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qilgan deputat Davron Aripov qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlar tomonidan berilgan takliflarning loyihada qay darajada aks etgani bo‘yicha ham ma’lumot berib o‘tdi.

Munozaralarda qayd etilganidek, Sudyalar oliy kengashi raisi, rais o‘rinbosari va a’zolari saylanishi sud islohotlaridagi muhim qadam bo‘lib, bu tajriba sudlar mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Moddada-modda muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling