Qishloq xo‘jaligi vaziriga issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishda mavjud muammolar yuzasidan senator so‘rovi yuborildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev tomonidan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonovga issiqxona xo‘jaliklari rivoji va ushbu yo‘nalishda uchrayotgan tizimli muammolar yuzasidan senator so‘rovi yuborildi.
So‘rovda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentning bir qator qarorlari qabul qilinib, imtiyozli kreditlar, subsidiya va soliq yengilliklari joriy etilgan.
Shu bilan birga, senator o‘z so‘rovida hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarni ham qayd etdi. Jumladan, issiqxona xo‘jaliklarini moliyalashtirishda barqaror mexanizmlarning yetishmasligi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv taʼminotidagi uzilishlar hamda yuqori foizli kreditlar tufayli ayrim xo‘jaliklarning bank balansiga o‘tib ketayotgani haqida so‘z yuritilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yil may holatiga ko‘ra 120 gektardan ortiq issiqxona banklar balansiga o‘tgan. Bu esa ish o‘rinlarining qisqarishi va iqtisodiy samaradorlikning pasayishiga olib kelgan.
Shuningdek, senator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini nazorat qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan samarali foydalanish, fermer va tadbirkorlarni urug‘chilik, agrokimyo xizmatlari bilan taʼminlash mexanizmlarini kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratgan.
Yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligidan 2020-2024-yillarda tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklari soni va holati, sohani moliyalashtirishda amaldagi mexanizm, tabiiy resurslar bilan barqaror taʼminlashdagi muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar, ilmiy yondashuvlar va innovatsion yechimlarni joriy etish holati, eksport salohiyatini oshirish hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan ishlar bo‘yicha tahliliy va asoslangan yozma maʼlumot taqdim etishi so‘ralgan.