Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qirg‘iziston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, militsiya general-mayori Oktyabr Urmanbetov rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev va tegishli xizmat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qirg‘izistonlik mehmonlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati faoliyati bilan tanishib, zamonaviy texnologiyalar va ish uslublarini yuqori baholadilar.
Mehmonlar Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasiga tashrif buyurib, u yerda kiberxavfsizlik markazi, axborot-multimedia markazi, yagona tezkor boshqaruv markazi va tarix muzeyi bilan tanishdi. Tashrif O‘zbekiston ichki ishlar tizimi faoliyati bilan atroflicha tanishish imkonini berdi.
Qirg‘iziston delegatsiyasi O‘zbekistonda xavfsizlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlarga ijobiy baho berdi. Tashrif davom etmoqda.