“QazMunayGaz” va “O‘zbekneftgaz” strategik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston poytaxtida “QazMunayGaz” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Asxat Xasenov va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bahtiyor Ibrohimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar ikki davlat milliy neft-gaz kompaniyalari o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlandi.
KMG maʼlumotiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlik sohalari geologiya-qidiruv ishlari, neft va gaz qazib chiqarish, qayta ishlash, neft-kimyo, raqamli texnologiyalarni joriy etish va sanoat xavfsizligini o‘z ichiga oladi.
«Ikki davlat rahbariyati qo‘llab-quvvatlashi tufayli milliy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda va strategik tus olmoqda», — dedi Asxat Xasenov.
Tomonlar 2025 yil mart oyida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv ijrosi yuzasidan fikr almashdilar. Kompaniyalar Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlarida geologiya-qidiruv hamda neft-gaz kimyosi sohalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Uzoq muddatli hamkorlikni muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, u allaqachon yagona axborot makonini shakllantirish va geologiya-texnika maʼlumotlar almashinuvini tashkil etdi.
Alohida eʼtibor neft-gaz kimyosidagi qo‘shma tashabbuslarga qaratildi. Ularning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida lineyka alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish loyihasi belgilandi. Shuningdek, tomonlar polimerlarni qayta ishlash va tayyor mahsulot yetkazib berish borasidagi imkoniyatlarni ko‘rib chiqmoqda. Mutahassislar fikricha, bu tashabbuslar umumiy mintaqaviy bozor shakllanishiga zamin yaratadi.
“QazMunayGaz” sanoat xavfsizligi borasidagi tajribalarini ham taqdim etdi. Xususan, guruh korxonalarida yuqori xavfli ishlar ustidan nazoratni taʼminlovchi elektron ruxsatnoma tizimi namoyish etildi. 2025 yil iyun oyida “O‘zbekneftgaz” delegatsiyasi KPI zavodiga tashrif buyurib, Qozog‘iston kompaniyasining ilg‘or raqamli yechimlari bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar neft-gaz tarmog‘i uchun strategik ahamiyatga ega barcha asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish niyatini tasdiqladilar.