Qaysi hududlar eksportda yetakchi? – PIM Export Index natijalari tahlili
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hududlarining eksport salohiyati qanday? Qaysi viloyatlar tashqi bozorlarni faol zabt etmoqda, va qaysilari orqada qolmoqda? Mazkur savollarga javob berish maqsadida ishlab chiqilgan Progressiv islohotlar markazi (PIM) Export Index eksportga ixtisoslashgan kompleks reyting tizimi bo‘lib, hududlarning eksportdagi umumiy holatini baholashda muhim vosita hisoblanadi.
PIM Export Index nima?
PIM Export Index hududlarning eksport salohiyatini to‘rt asosiy indikator asosida tahlil qiladi:
• Eksport hajmi – umumiy eksport qiymati;
• Eksport o‘sish sur’ati – so‘nggi 3 yildagi dinamikasi;
• Geografik qamrov – eksport qilinayotgan mamlakatlar soni;
• Eksport diversifikatsiyasi – mahsulotlar xilma-xilligi.
Ushbu indikatorlar normalizatsiya qilinib, tegishli og‘irliklar (30% hajm, 20% o‘sish sur’ati, 30% geografik qamrov, 20% diversifikatsiya) asosida yakuniy ballar shakllantirilgan.
Yetakchilar: Toshkent shahri va Toshkent viloyati
PIM Export Index bo‘yicha Toshkent shahri 95,7 ball bilan mutlaq yetakchilik qilmoqda. Poytaxt eksport hajmi (5,5 mlrd AQSH dollari), mahsulotlar xilma-xilligi va 100 ta davlatga eksport geografiyasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega.
Undan keyingi o‘rinda Toshkent viloyati – 79,9 ball bilan. Bu ikki hududning yuksak reytingi ularning ishlab chiqarish va logistika infratuzilmasi rivojlanganligi bilan bevosita bog‘liq.
Mazkur hududlarda eksport faoliyati yuqori, kichik va o‘rta eksportchi korxonalar soni ko‘paymoqda, bu esa eksport tarmog‘ining barqarorligi va kengayish salohiyatini oshirmoqda.
Barqaror o‘sishga ega viloyatlar
Samarqand (63,5 ball), Andijon (59,2), Farg‘ona (57,9), Xorazm (55,9) kabi hududlar eksportda muhim o‘ringa ega bo‘lib, o‘z eksport hajmini bosqichma-bosqich oshirmoqda. Xususan, Xorazm geografik qamrov bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Bu viloyatlarda eksportga yo‘naltirilgan sanoat klasterlari shakllanmoqda, diversifikatsiya jarayonlari faollashmoqda.
Potensiali past, ammo imkoniyati mavjud hududlar
Surxondaryo (38,5), Sirdaryo (33,5) va Navoiy (27,3) viloyatlari PIM Export Index bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarga ega. Sabablari orasida:
• Geografik cheklovlar va transport xarajatlarining yuqoriligi (Surxondaryo),
• Eksport mahsulotlari assortimentining torligi (Sirdaryo),
• Eksport hajmining keskin kamayishi va bozorlar sonining kamligi (Navoiy) kiradi.
Shunga qaramay, bu hududlarda eksportni rivojlantirish uchun salohiyat mavjud. Agrosanoat klasterlari, logistika infratuzilmasi va tashqi bozorlar bilan aloqalarni kuchaytirish bu viloyatlarni eksport xaritasida yuqoriga ko‘tarishi mumkin.
Hududiy farqlar va strategik xulosa
Tahlil natijalari O‘zbekiston hududlari o‘rtasida eksport salohiyatida sezilarli tafovutlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bu tafovutlar ko‘p jihatdan ularning iqtisodiy rivojlanish darajasi, infratuzilmasi va xalqaro aloqalariga bog‘liq.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati – mamlakat eksportining strategik tayanchi bo‘lib, raqobatbardosh mahsulotlar, yangi bozorlar va faol eksportchilar bilan ajralib turadi.
O‘rta reytingdagi viloyatlar esa eksportda barqaror o‘sishga ega bo‘lib, davlat siyosati va mahalliy tashabbuslar orqali yanada yuqori pog‘onalarga chiqishi mumkin.
Past reytingdagi hududlar esa kompleks yondashuv va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini talab etadi – bu hududlarda infratuzilmaviy sarmoyalar, logistik imkoniyatlar va mahsulot diversifikatsiyasini kuchaytirish orqali eksport salohiyatini oshirish mumkin.
PIM Export Index hududlar kesimida eksport siyosatini aniqlashtirish, resurslarni oqilona taqsimlash va strategik qarorlar qabul qilishda muhim tahliliy vosita bo‘lib xizmat qiladi. U O‘zbekiston eksport modelining raqobatbardosh va muvozanatli shakllanishiga zamin yaratadi. Mamlakat eksportining geografik va mahsulot ko‘lamini kengaytirish uchun har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlarini ishga solish dolzarb vazifadir.