Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 19/11/2024 Qashqadaryolik fermerlar “Tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi texnologiyalar” bo’yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishdi!

Qashqadaryolik fermerlar “Tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi texnologiyalar” bo’yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishdi!

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti(FAO) Qishloq xo’jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida fermerlar uchun “Tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi texnologiyalar” mavzusida o‘quv-seminarini o’tkazdi. 

Ushbu o’quv seminari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-fevraldagi “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi 102-sonli qarorni ijrosini taʼminlash bo‘yicha tashkil etildi.

Seminarda suvli maydonlardan tashqari lalmi maydonlarda ham g‘alla yetishtiruvchi fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarining asosiy maqsadi fermerlarni tuproqni muhofaza qilishi, tuproq unumdorligini yaxshilash va suvni ushlab turish qobilyatini oshirishga yordam beradigan tuproqni himoya qiluvchi (No till) va resurs tejovchi texnologiyalar afzalliklari hamda amaliyoti haqida ma’lumot berishdan iborat. Seminar qishloq xo‘jaligi barqarorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va vaqt o‘tishi bilan hosildorlikni oshirish imkonini beruvchi resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.

Tadbirda iqlim oʼzgarishi yaqin kelajakda Oʼzbekistonda katta muammo boʼlishi mumkinligi, uzoq muddatli iqlim oʼzgarishi prognozi mamlakat boʼylab haroratning oshishi va suv bilan taʼminlanganlik darajasi pasayishi kutilayotganidan darak berayotganligi, soʼnggi yillarda iqlim oʼzgaruvchanligining intensivligi, qurgʼoqchilik sodir boʼlish oraliq vaqtlarining qisqarishiga olib kelishi va ekologiyaga salbiy taʼsirlari ham kuzatilayotganligi sababli, yuqoridagi muammolarni yumshatish bo’yicha tavsiyalar berildi.

Global ekologik jamg‘arma ko’magida amalga oshirilayotgan loyihada lalmi yer maydonlarida iqlim oʼzgarishini yumshatish va unga moslashgan agrotexnik tadbirlarni fermer xoʼjaliklari dalalarida sinab koʼrish va keng miqyosda joriy etishdan iborat boʼlib, shuningdek, iqlim oʼzgarishi sharoitida atrof muhitga boʼladigan salbiy taʼsirni yengillashtirish uchun chora-tadbirlar taklif qilish nazarda tutilgan.

“Seminar davomida qatnashchilarga iqlim o‘zgarishini yumshatishda qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish texnologiyasi bilan yetishtirishning afzalliklari batafsil tushuntirildi. Xususan, ushbu texnologiya ekinlarni o‘z vaqtida ekish, yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirish va an’anaviy usullarga qaraganda bir xil yoki ko‘proq hosil olish imkoniyatini taqdim etishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga seyalkaning samaradorligi va ijobiy xususiyatlari an’anaviy usullarga nisbatan sezilarli darajada ustun ekanligi qatnashchilarga ko‘rsatib berildi,” – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihasi milliy koordinatori Aziz Nurbekov.

Xulosa qilib aytganda, seminar doirasida, ishtirokchilar tuproqdagi namlikni tejash, tuproq unumdorligini oshirish va ekologiyaga salbiy ta’sirni minimallashtirish bo‘yicha yangi bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Bu bilimlar, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish va mamlakat qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling