Putin va Tramp 15 avgust kuni Alyaskada uchrashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp 15 avgust kuni Alyaskada uchrashuv o‘tkazadilar. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga maʼlum qildi va amerikalik tomon kelishuv haqida rasman eʼlon qilganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning geografik yaqinligini hisobga olganda, sammitni Alyaskada o‘tkazish mutlaqo mantiqiy — Rossiya delegatsiyasi Beringov bo‘g‘ozi orqali bevosita parvoz qilishi mumkin.
Bundan avval Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi xabarda 15 avgust kuni Putin bilan uchrashish niyatini tasdiqlagan edi. Bu ularning 2025 yil yanvarda Tramp Oq uyga qaytganidan keyingi ilk shaxsiy uchrashuvi bo‘ladi.
7 avgust kuni Yuriy Ushakov taraflar yaqin kunlarda muzokaralar o‘tkazishga kelishganini aytdi. O‘sha kuni Vladimir Putin ham uchrashuvga tayyorgarlik ketayotganini tasdiqlab, muloqotga qiziqish ikki tomonlama ekanini taʼkidladi.
Sammit haqidagi bayonotlar 6 avgust kuni AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifidan so‘ng yangradi. Ushbu tashrif doirasida Uitkoff Rossiya prezidenti bilan taxminan uch soat davom etgan muzokaralar o‘tkazdi.