Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Kuala-Lumpur shahrida qo‘shma biznes forumida ishtirok etdilar.
Tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 200 dan ziyod rahbarlari, jumladan, Malayziyaning “Petronas”, “MMC Corporation”, “DRB-Hicom”, “Gemilang Coachwork”, “Proton”, “Gentari”, “Five Petroleum”, “YTL Corporation”, “Sunview Group”, “KPJ Healthcare”, “MK Tron”, “Mimos”, “Sparco Engineering”, “Tradewinds Group”, “Kapital DX”, “Gamuda”, “Westports”, “Khazanah”, “EXIM Bank of Malaysia” va boshqa ko‘plab kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralarda O‘zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirishning ikki yillik davrini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinganini ta’kidladi.
O‘tgan yili Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani, ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida qator yirik tadbirlar o‘tkazilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, transport va logistika imkoniyatlari kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida deyarli har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, ko‘p qirrali sheriklikning yangi "o‘sish nuqtalari" belgilab olindi.
Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qo‘shma loyihalarning salmoqli portfeli shakllantirildi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqildi.
- Maqsadimiz - munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, - dedi Prezident.
Malayziya O‘zbekistonning muhim innovatsion va texnologik hamkoridir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Malayziya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning qator ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Bu, eng avvalo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishdir. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ma’lumot markazlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Gaz-kimyo va kimyo sanoati muhim yo‘nalish hisoblanadi. Polimerlar, "yashil" vodorod va ammiak ishlab chiqarish bo‘yicha strategik loyihalarni tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Qurilish sohasining jadal rivojlanishi innovatsion va ekologik toza qurilish materiallariga talabni oshirmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Malayziya kompaniyalarini mamlakatimiz hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Zamonaviy klinikalar qurish, Malayziyaning ilg‘or tajribasi asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu nuqtayi nazardan, "aqlli" qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va "halol" standartlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari Malayziyaning yetakchi kompaniya va banklarini O‘zbekistonning telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Bundan tashqari, geologiya, ta’lim, transport, ziyorat turizmi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi malayziyalik ishbilarmonlarning qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqishi katta ekanini, ular texnologiyalar va bilimlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi ma’lum qilindi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari navbatdagi qo‘shma biznes forumini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.