Valyuta kurslari 20/08/2025
$1 – 12524.92
UZS – 0,22%
€1 – 14630.36
UZS – 0,22%
₽1 – 155.96
UZS – 0,16%
Qidirish
Iqtisod 20/08/2025 Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda: Yangi Toshkent biznes va innovatsiyalar markaziga aylanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda: Yangi Toshkent biznes va innovatsiyalar markaziga aylanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi.

“Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – sizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir”, - dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni ekani taʼkidlandi.

“Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi.

Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar haqida kelishib olamiz”, - dedi Prezident.

Prezidentimiz islohotlarning ilk kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishilganini qayd etdi.

O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya.

“Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin biz buni uddaladik”, - dedi Prezidentimiz.

Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2 foizga o‘sgani taʼkidlandi.

O‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddat ichida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshladi.

Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.

O‘tgan yili aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etdi.

Biznesni soyadan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ko‘paytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirdi.

O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi.

Anʼanaga ko‘ra, bu yil ham kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida ilmi bilan biznesni rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlar ham bor.

O‘tgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylandi.

“Ayniqsa, homiylik qilib bog‘cha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashayotgan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi.

O‘g‘il-qizlarimizni sportga jalb qilish uchun katta-katta sharoit qilib berayotgan, ularning jahon va qitʼa chempionatlari, Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etishiga ko‘maklashayotgan biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir”, - dedi Prezident.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari butun respublikaning biznes vakillariga o‘zining chuqur va samimiy minnatdorligini izhor qildi va bayram bilan tabrikladi.

Ilk ochiq muloqotdan buyon shu kungacha tadbirkorlarning 1 mingga yaqin tashabbusi qonunchilikda o‘z aksini topdi. Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi o‘zining kundalik hayotida his qilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu galgi uchrashuv ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda o‘tayotganida ramziy maʼno borligini taʼkidladi.

“Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli bo‘ladi.

Siz tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi.

Bu yerdagi to‘liq “yashil” texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilma sizlarning yangi-yangi g‘oya va tashabbuslaringiz uchun xizmat qiladi.

Shuni bilingki, Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi”, - dedi Prezidentimiz.

Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazildi. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushdi.

Hozirgi murakkab sharoitda har bir kun muhimligini inobatga olib, ochiq muloqotni kutib o‘tirmasdan, meva-sabzavot eksporti va to‘qimachilikda to‘planib qolgan muammolarga yechim topib berildi.

O‘tgan haftada biznesni “soyadan” chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha ham tadbirkorlarga yana-da qulay sharoitlarni nazarda tutgan katta yangiliklar eʼlon qilindi.

Jumladan, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka to‘plagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.

Endi bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Mamlakatimizda 40 dan ziyod elektron to‘lov tashkilotlari mavjud bo‘lib, aholimiz o‘ziga qulay mobil ilovadan foydalanmoqda.

Endi 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.

Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan bir xil, yaʼni aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tkaziladi.

Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 million so‘mgacha qatʼiy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 million so‘m to‘laydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.

“Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion so‘m, tasavvur qilayapsizlarmi, 1 trillion so‘m qolayapti. Bu – kichik biznes uchun qo‘shimcha resurs, yakka tadbirkorlar o‘z biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat”, - dedi Prezident.

O‘tgan hafta 200 dan ortiq to‘qimachilik korxonalari vakillari bilan uchrashilib, sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 7 trillion so‘mlik tashabbuslar eʼlon qilindi.

Tez kunlarda to‘qimachilikda “ishonchli eksportchi” dasturi boshlanib, eksport oldi moliyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi va buning uchun 200 million dollar yo‘naltiriladi.

Bu elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, farmatsevtika kabi eksport salohiyati yuqori, lekin imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan sohalar uchun ham joriy etiladi.

Ushbu sohalardagi tadbirkorlarni aylanma mablag‘i uchun 500 million dollar beriladi.

Har bir tarmoqning sifati kafolatlangan, raqobatdosh 10 tadan mahsulotiga “O‘zbekiston ramzi” sifat belgisini berib, ularni dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasi boshlanadi.

Poytaxt va viloyat markazlaridagi korxonalarini mehnat resursi, bo‘sh yeri ko‘p tumanlarga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tekstil sohasidagi tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi. Prezident ishchi kuchi ko‘p talab qiladigan boshqa tarmoq korxonalari ham bunday tashabbus bilan chiqsa, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytdi.

Arzon xomashyo bilan taʼminlash maqsadida 2028 yil 1 yanvargacha aralash mato va gazlamani bojxona bojidan ozod etilmoqda. Lekin bunday muammo sanoatning boshqa sohalarida ham bor.

Jahon banki ekspertlari ham tarif siyosati ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi kerakligini aytmoqda.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha sohalardagi tadbirkorlardan bu yo‘nalishda 130 ta murojaat kelib tushgan.

Davlatimiz rahbari Bosh vazirning iqtisodiyot va investitsiyaga masʼul o‘rinbosarlariga 1 noyabrga qadar har bir tarmoq, hududiy korxonalar talabini o‘rganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.

Endilikda import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada ko‘rsatilgan hajm uchun beriladi.

Ayrim mintaqalardagi notinchliklar oqibatida tashqi bozorlardagi tebranishlar, logistikadagi uzilishlar eksport tushumlarining kechikishiga olib kelmoqda.

Bunday sharoitda o‘zi shundoq ham puli tushmayotgan tadbirkorlar muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima to‘layapti.

Bu masalani juda ko‘p to‘qimachilik korxonalari va meva-sabzavot eksportchilari ko‘tarib, yengillik so‘radi.

Davlatimiz rahbari muammoning yechimini aytdi – endilikda davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy eʼlon qilinadi.

Hududlarda sanoat infratuzilmasini yaxshilashga bu yil 1,7 trillion so‘m ajratildi.

Kelgusi yilda bu xarajatlar 25 foizga oshirilib, 2,1 trillion so‘mga yetkaziladi.

Bundan tashqari, poytaxtda tadbirkorlar soni kundan-kunga oshib borayotganini inobatga olib, elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun yana 2 trillion so‘m beriladi.

Iqtisodiyot barqaror o‘sgani sari yangi infratuzilmaga talab ortib boraveradi.

Korxonasiga tashqi infratuzilmani o‘z hisobidan qilayotgan tadbirkorlar ko‘paymoqda. Endi ularning bu xarajati foyda solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham mutlaqo yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning barchasi bugundanoq kuchga kiradi.

Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish o‘rinlari yaratishda eng samarador yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi.

Yil boshidan yurtimizga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab ichki sayohatga chiqdi. Kelasi 3-4 yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 millionga yetadi.

Shu bois turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi.

Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.

Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lab berishga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yig‘imni to‘lamaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik meʼyor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.

Prezidentimiz mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi.

Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar eʼtiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy eʼtirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.

Qaysi hududda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy tadbirkorlarni o‘ziga tortadi, servis gurkirab rivojlanadi.

Shu bois, infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi. Chortoqning Qorabog‘ mahallasi, Farg‘onaning Chimyoni, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq shaharchasida master-reja asosida “yil 12 oy” xizmat ko‘rsatadigan 300-500 gektarli yirik kurort zonalari tashkil etiladi.

Bu loyihalar infratuzilmasi uchun 150 million dollar beriladi.

O‘n oltita tumanni jadal rivojlantirishga bu yil jami 1,1 trillion so‘m ajratildi. Bunday yondashuvlarni Jahon banki ham eʼtirof etib, 250 million dollar bermoqda.

Kelgusi yilda yana 500 million dollar hisobiga 30 ta tumanda shunday ishlar amalga oshiriladi. Bu sanoat, servis, qurilish sohalaridagi tadbirkorlarga katta imkoniyat, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit bo‘ladi.

Biznes vakillarida qo‘shimcha joy olishga ehtiyoj bor. Lekin ijara narxi, sharti tez o‘zgarayotgani ularning kelgusi rejalariga taʼsir qilmoqda.

Endilikda davlat obyektlari va yer uchastkalari yillik ijara narxini indeksatsiya qilish inflyatsiya darajasidan oshirilmaydi.

Kelgusi yildan davlat aktivlari besh yilga ijaraga beriladi. Agar ijarachi o‘zi xohlasa yoki majburiyatini bajarmasagina shartnoma bekor bo‘ladi.

1991 yilda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida”gi qonun asosan davlat organlari manfaatini himoya qilishga qaratilgani qayd etildi. Shu bois ijaraga beruvchi va ijarachi huquqlarini birdek himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqiladi.

Taʼlimda xususiy sektor uchun keng yo‘l ochib berilgani hisobiga oxirgi sakkiz yilda xususiy bog‘chalar soni 31 mingga, maktablar esa 645 taga yetdi.

Endilikda bog‘cha qamrovi 70-80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik beriladi. Avvalo, bu tumanlardagi bog‘cha va maktablarni bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi.

Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi, ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi.

Ushbu tumanlardagi boshqa joylarda bog‘cha tashkil qilaman, degan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratiladi, faoliyatini o‘zgartirmaslik sharti bilan yer tekinga beriladi, ularga ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi, tarbiyachilarining maoshi uch yilgacha to‘lab beriladi.

Xususiy tibbiyotda to‘plangan ulkan tajriba, yangi texnologiyalar, malakali kadrlar tadbirkorlar uchun bu soha jozibadorligini oshirib, sifatni yaxshilashga turtki bermoqda.

Buni 7 yilda xususiy klinikalar 3,5 mingdan 8,5 mingtaga ko‘payganida ham ko‘rish mumkin.

“Sizlar bilan birga O‘zbekistonni mintaqadagi yuqori texnologik tibbiyot xabiga aylantirishimizga ishonaman. Buning uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasini qilib berishga tayyorman”,- dedi Prezidentimiz.

Xususan, chegara hududlarda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil qilinadi.

Ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Bunda tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi.

Prezidentimiz biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti moliyaviy xizmatlar ekanini taʼkidladi.

Yaxshi loyihalarga pul qidirayotgan tadbirkorlar ko‘p, investitsiya kiritaman, deganlar ham yetarli.

Amaldagi tartibga ko‘ra, masʼuliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni taʼsischi qilib olishga majbur. Lekin, bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklarga tushayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.

Eng muhimi, investor taʼsischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.

Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Sakkiz yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli edi.

“Eʼtibor bering, yetti oyni o‘zida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024 yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yana-da jonlantiramiz”, - dedi Prezident.

Yoshlarning 1 mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi.

Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.

Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.

“G‘oliblarni 20 avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari.

IT, fintex va startaplarga keng yo‘l ochilgani natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga ko‘paydi.

Tadbirkor va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishga o‘rgandi. Ular anʼanaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun QQSni qaytarishni so‘ragan.

Mutasaddilarga buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qilish topshirildi.

Umuman, fintex-startaplarni ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha besh yillik strategiya qabul qilinadi. Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan yangi ekotizim – “ochiq banking” joriy qilinadi.

Bularning hisobiga yaqin yillarda startap loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hozirgidan 10 karra oshadi.

Bu yil banklar tadbirkorlik loyihalari uchun 6 milliard dollar resurs olib kelmoqda. Banklar kelgusi yilda aynan kichik va o‘rta tadbirkorlikni maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda alohida 1 milliard dollar resurs jalb qiladi.

Shuningdek, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi “chempion tadbirkor”larni ko‘paytirish uchun bank orqali loyihalarga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beradi.

Ishlab chiqarish, servis, yashil iqtisodiyot loyihalari uchun 500 million so‘mgacha tijorat kreditlari kompaniya tomonidan qayta moliyalashtiriladi. Natijada har yili 100 mingdan ziyod tadbirkorlar oladigan kredit foizi 6 foizgacha pasayadi.

Avvalgi krediti bo‘yicha kompaniyadan kafillik olib, to‘lovni vaqtida qilgan tadbirkorlarga yangi kreditlar uchun kafillik miqdori 1,5 karra oshiriladi.

Endi yirik tadbirkorlar ham kompaniyadan 10 milliard so‘mgacha kafillik olishi mumkin bo‘ladi.

Skoring tizimi soddalashgani uchun 100 mingga yaqin tadbirkor bankdan yangi kredit olib, faoliyatini kengaytirdi.

Hozirda kredit tarixi “o‘rtacha”, lekin ozgina ko‘mak berilsa, tez o‘sish imkoniga ega yana 500 ming mijoz bor.

Endilikda kredit berishda skoring tizimi soliq va kommunal to‘lov intizomi, rasmiy aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi maʼlumotlarni ham inobatga oladi.

Kelgusi yildan muqobil skoring modelini ishga tushirilib, kredit berish shartlari osonlashtiriladi.

Ochiq muloqotlarni o‘tkazish boshlanganida asosiy murojaatlar soliq stavkalarini tushirish bilan bog‘liq bo‘lardi.

Sohada katta o‘zgarishlar qilindi. Buni aholi va tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasi ham tasdiqlayapti: ularning 79 foizi so‘nggi besh yilda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sharoit ancha yaxshilanganini aytgan.

Lekin tadbirkorlardan soliq maʼmurchiligi bo‘yicha o‘rinli savollar tushmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshgan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lagani uchun aylanma mablag‘dan qiyinchilik yuzaga kelmoqda.

Shu bois, endi ushbu tartib faqatgina yiliga 50 milliard so‘mdan yuqori aylanma qiladigan korxonalar uchun amal qilishi eʼlon qilindi.

Natijada 19 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 2 trillion so‘mlik aylanma mablag‘ qoladi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling