Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifini boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifini boshladi. Tashrif davomida davlatimiz rahbari Boku, Xonkendi, Shusha va Ag‘dam shaharlarida bo‘ladi.
Bugun ikki mamlakat yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazadilar, “O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshi qo‘yadilar va O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasi yangi binosini ochib beradilar.
Ertaga Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev muloqotni Ozarbayjonning Qorabog‘ tumanida davom ettirib, Xonkendidagi qo‘shma tikuvchilik fabrikasi va Ag‘dam shahridagi “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasi bilan tanishadilar.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha salmoqli kelishuvlar to‘plami shakllantirilgan.
Tashrifning tadbirlarga boy dasturi 2024 yilda ittifoqchilik maqomini olgan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqanini ko‘rsatadi hamda ikki davlat rahbarlarining avvalgi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomidir.
#Shavkat Mirziyoyev