Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yangi ijtimoiy himoya tizimini tashkil etishda O‘zbekistonga yaqindan ko‘maklashayotgan BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, YUNISEF vakolatxonasi rahbari Rexina Mariya Kastijio va Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakovaga bugungi yig‘ilishda ishtirok etayotganlari uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Qayd etilganidek, joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi.
Masalan, oldin odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu masala 2 haftada mahallada hal bo‘lmoqda. Shuni o‘zidan 100 ming odamni og‘iri yengil bo‘ldi.
Odamlar protezni 95 ta ishlab chiqaruvchi orasidan elektron tizimda o‘zi tanlayapti, raqobat va sifat ham yaxshilandi.
Nogironligi bor bolalarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar mahallada qabul qilinayapti. Bu 700 nafar ota-onani ishlashiga sharoit yaratdi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksalar aniqlanib, ularga uyini o‘zida qarab turish yo‘lga qo‘yildi.
Mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi.
51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 mingi protez oldi, nogironligi bor 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashdi.
Bundan tashqari, muhtoj bo‘lmaganlarga asossiz nafaqa to‘lashning oldi olindi, qisqargan xarajatlar byudjetda qoldirildi.
Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yildi.
Natijada, shu kunga qadar kambag‘al oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi, 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Yig‘ilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi. 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.
Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz.
Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir mas’ulga aniq vazifa belgilash topshirildi.
Shuningdek, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.
Ushbu viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash topshirildi.
Viloyat hokimlari bu yil bittadan namunaviy ko‘cha qilib, nogironligi borlar uchun qulay sharoit yaratishi kerak edi.
Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida bu boradagi ishlar boshlangan, qolgan viloyatlar loyiha ham qilmagani, mablag‘ ham bermagani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga bu ishlarni ikki oyda yakunlab, kelgusi yil har bir tumanda yana bittadan ko‘chada qilish vazifasi qo‘yildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari I.Adhamovga bu borada o‘zgarish qilmaganlarga qat’iy chora ko‘rish topshirildi.
Prezident bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.
Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berildi.
Viloyat hokimlariga o‘zidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarovaga 2025-yilda kambag‘allik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarini 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.
Kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Mutasaddilarga 1-martgacha to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash topshirildi.
To‘garak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi.
Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Oliygoh rektorlari ham kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘ladi. Vazir Q.Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan 23 ming odamga ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarab o‘tiribdi.
Kelgusi yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida bu odamlarni 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo‘lga qo‘yiladi.
Natijada yaqiniga qarab turgan 15 ming aholinining ishlashiga sharoit yaratiladi.
Xususiy sektor bunday xizmatni ko‘rsatgan kambag‘al oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi.
Bu tajriba Toshkent shahrida 1-martgacha, boshqa hududlarda yil yakunigacha yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Kambag‘al oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj.
Shu bois 2025-yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat bo‘lishi uchun, endilikda bu mablag‘lar tumandagi kambag‘allar soniga qarab taqsimlanadi.
Ijtimoiy daftarlar mablag‘ining 30 foizini tuman hokimlariga “Inson" markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yo‘l, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.
Yana bir masala – hozirda 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga o‘zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi.
Ijtimoiy himoya agentligi direktori M.Olloyorovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolarimiz tug‘ilganlik, nogironlik to‘g‘risida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurishga majbur.
Bunday ovoragarchilikka chek qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, Prezident barcha hujjatlarni o‘rnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishini e’lon qildi.
Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.
Bu tizim 1-iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi, yil yakunigacha hamma joyda ishga tushiriladi.
Yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masala nogironligi borlar bilan ishlash bo‘ldi.
Yil boshidan nogironligi borlar Jizzax,
Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqori.
Qaysi hokim bu masalani ichiga kirib, sabablarini o‘rgandi, degan savolga ijobiy javob yo‘qligi qayd etildi. Respublika bo‘yicha 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.
Shu bois soha uchun mas’ullar kelgusi yilda reabilitatsiya bo‘yicha keskin o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi.
Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.
Kasallik turidan kelib chiqib, aholiga uy sharoitida bajara oladigan oddiy mashqlarni o‘rgatish orqali ham minglab odamlar sog‘lig‘ini tiklash mumkinligi ta’kidlandi.
Mahalladagi ijtimoiy xodimlar nogironligi bor uyga uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini eslatma qilib tarqatishi belgilandi.
Reabilitatsiya ishlarining samarasi nogironligi borlarni harakati, muloqoti, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishidagi o‘zgarishlarga qarab baholanadi, buning uchun shifokorlarga ustama beriladi.
Qashqadaryo viloyati hokimiga reabilitatsiya bo‘yicha tajriba yaratish topshirildi.
Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 30 taga, mablag‘i esa 1,5 barobarga oshirildi.
Buning evaziga yil boshidan 100 ming odamni ehtiyoji ta’minlandi.
Endi ro‘yxatga yana 7 turdagi vositalar qo‘shilishi belgilandi.
Ijtimoiy xizmat agentligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda 2025-yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalarini yetkazib berish topshirildi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga bu yil tadbirkorlar 40 ming nogironligi borlarni ishga oldi.
Ijtimoiy himoya agentligiga harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib-ketish xarajatini 75 foizini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni o‘qitadigan 90 ta maxsus maktabni ko‘p funksiyali maktabga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yashab, yaqin hududdagi maktabda o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.
Yangi o‘quv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, namuna qilinadi.
Yana bir tajriba – shu yili nogironligi bor bolalar uchun 73 ta kunduzgi parvarishlash va “G‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilindi.
Bu sohaga xususiy sektorni olib kirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Ya’ni, tadbirkorlarga har bir bola uchun kuniga 100 ming so‘mdan subsidiya, xonalarni jihozlashga 30 million so‘mgacha arzon kredit ajratiladi.
Buni hisobiga Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida nogironligi bor 2 ming bolani kunduzgi parvarishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu tizim 1-oktyabrgacha qolgan viloyatlarda ham joriy qilinadi.
Mutasaddilar oldiga kelgusi yilda 15 ming nogironligi bor bolani ta’limga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Shu yilni o‘zida mehribonlik va bolalar uylaridan 300 nafar o‘g‘il-qizlar oilaviy muhitga qaytdi.
Hozirda oilaviy muhitdan ajralgan holda ta’lim-tarbiya olayotgan yana 500 nafar bola bor.
Mas’ul idoralarga Milliy gvardiya tajribasi asosida 500 nafar bolani oilaviy bolalar uyiga joylashtirish va ta’lim olishi uchun sharoit yaratish topshirildi.
Nazoratsiz va qarovsiz bolalar yashashi, o‘qishiga ixtisoslashgan maktablar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi, ularda bunday bolalar uchun 5 foiz kvota bo‘ladi.
Bunda ushbu maktablarga bolalarni Ijtimoiy himoya agentligi yo‘llanmasi asosida yuborish ko‘zda tutiladi.
Umuman, nogironligi bor hamda ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi va oilaviy muhitga qaytishini tashkil qilish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
Buni yanada kengaytirish maqsadida 1-yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million so‘mgacha grant beriladi. Bunda, ushbu kompaniyalar ishlash istagi bor odamlarni aniqlab, ularni o‘qitadi, korxona talabiga moslashtiradi, ish davrini dastlabki 6 oyida hamrohlik qiladi.
Tahlillar ko‘rsatganidek, ba’zi nogironligi bor insonlarda psixologik bosimlar sababli o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmaydi.
Lekin, o‘zida kuch topib, og‘ir vaziyatdan chiqib, qahramonlik ko‘rsatayotgan odamlar ham ko‘pligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan Denovlik Dilorom Yo‘ldoshevaning ishlarini e’tirof etdi. Bu ayol nogironligi bor bo‘lsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambag‘al xotin-qizlarni ishli qildi.
– Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi,
– dedi davlatimiz rahbari.
Prezident farmoniga muvofiq, yig‘ilishda Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni tantanali topshirildi.
Kelgusi yilda bunday insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olish muhimligi ta’kidlandi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Dunyoda nogironligi bor odamlarga to‘g‘ri keladigan 100 dan ortiq sport turi bor. Lekin, bizda bunday odamlarga sport bilan shug‘ullanishga faqat 22 ta turi bo‘yicha tibbiy xulosa beriladi.
Endilikda xalqaro andozalar asosida nogironligi borlarga sport turlari ham kengaytirilishi, ularni bunga layoqati kasallik turiga qarab avtomatik belgilanishi qayd etildi.
Natijada sport bilan shug‘ullanishga yo‘llanma olishi mumkin bo‘lgan nogironligi borlar soni 286 mingdan 440 mingga oshadi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda adaptiv sport qamrovini 1,6 barobarga oshirib, 45 mingga yetkazish topshirildi. Bu odamlarni sport bilan shug‘ullantiradigan murabbiylar oyligi 1-yanvardan 1,5 barobar oshiriladi
Joylardagi 130 ta sport maktabi, 90 ta maxsus ta’lim muassasasi va 29 ta “Muruvvat” uyidagi sport obyektlari adaptiv sport turlariga moslashtiriladi.
Joylarda 300 ta yangi “vorkaut” maydonchalari quriladi, ularda ham xuddi shunday sharoitlar bo‘ladi.
Bog‘cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning ta’lim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng pastligi ko‘rsatib o‘tildi.
Respublika bo‘yicha bunday bolalarni 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bog‘chaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internatlarda ota-onasidan uzoqda o‘qiyapti.
Shuning uchun Ijtimoiy himoya agentligi, MMTV, viloyat hokimlariga 1-fevralgacha har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhini ochish topshirildi. 1-sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola ta’lim olishi uchun sharoit yaratiladi.