Prezident Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.
Kaspiy bo‘yidagi "Avaza" turizm zonasida davlatimiz rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yakunda Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda yetakchilar bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalariga baho berdilar.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari Turkmaniston va Ozarbayjon yetakchilari bilan birgalikda "Galkinish" milliy ot sporti guruhining chiqishlarini tomosha qildi.
Tadbirlar yakunlangach, Turkmanboshi shahri aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev va boshqa rasmiy shaxlar kuzatib qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.
#Shavkat Mirziyoyev