Prezident elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi: eksport hajmi 1,7 milliard dollargacha oshadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni elektrotexnika sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar va navbatdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Bu tarmoq mamlakatimiz sanoatining drayverlaridan biri. So‘nggi yetti yilda eksport hajmi 7 barobarga o‘sgan va geografiyasi 63 ta davlatga yetgan. Hozirgi kunda tarmoqda 500 ga yaqin korxona bo‘lib, ularda 27 mingdan ziyod yurtdoshimiz ishlamoqda.
Ushbu salohiyatni oshirish maqsadida shu yil 22-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, investitsiyalar va xorijiy brendlarni jalb etish, tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yil birinchi chorakda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan oshgan. Qariyb 310 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, bu ko‘rsatkich 1,3 barobar o‘sgan.
Shu davrda 55 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Shundan 48 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlardir.
Xorijiy brendlar ostida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 900 million dollarga teng loyihalar shakllantirildi. Ayni paytda texnik jarayonlarni kelishish, zarur texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Taqdimotda ikkinchi chorakka va yil yakunigacha mo‘ljallangan asosiy rejalar ham aytib o‘tildi.
Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 43 trillion so‘mga yettkazish, qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 656 million dollarlik 71 ta loyihani amalga oshirib, 4 ming 600 ta ish o‘rni ochish mo‘ljallangan. Eksport miqdori 1 milliard 700 million dollarga, geografiyasi 68 ta mamlakatga yetishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida elektrotexnika sanoatida ham rivojlanish trayektoriyasini to‘g‘ri tanlab, bozor talablariga tez moslashish muhimligini ta’kidladi. Mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish, zamonaviy texnologiyalarga munosib malakali kadrlar tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga tarmoqdagi har bir korxona bilan ishlab, sanoat va logistika zanjirlarida yuzaga keladigan masalalarni hal etish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilib, yangi bozorlar topish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
#Shavkat Mirziyoyev