Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9-13 dekabr kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning Chexiya hamda Germaniya davlatlariga tashrifi amalga oshirilmoqda.
Tashrif doirasida Chexiya sanoat va savdo vazirligi binosida to‘qimachilik, oziq-ovqat hamda qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida Chexiya-O‘zbekiston biznes forumi hamda V2V formatdiga ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Chexiya Savdo-sanoat palatasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvi raisi va bosh direktori Frantishek Masopust hamda EGAP sug‘urta eksport agentligi vakillari o‘z nutqlari va taqdimotlari bilan qatnashdi.
Shuningdek, unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimi mamlakatmizning investitsion salohiyati hamda tadbirkorlikning keng istiqbollari namoyish etilgan taqdimot bilan qatnashdi.
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2023 yil holatiga ko‘ra, 344,3 mln dollarni tashkil etadi. Chexiya davlatiga amalga oshirilgan eksport - 51,3 mln dollar, import - 293 mln dollardan iborat.
Tadbir yakunlari bo‘yicha, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Tashrif doirasida 12 dekabr kuni Germaniyaning Frankfurt shahrida Germaniya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.