O‘zbekiston va AQSH 3–4 mlrd dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va AQSH umumiy qiymati 3–4 milliard dollar bo‘lgan energetika loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi, deb maʼlum qildi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.
Vazirning aytishicha, amerikalik Air Products kompaniyasi O‘zbekistonda yangi investitsiya kiritish va faoliyat yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga tayyor. Energetika vazirligi gaztransport tizimidagi gaz agregatlarini elektr dvigatellari bilan almashtirish, shuningdek mavjud kompressor va dojim stansiyalarida modernizatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha yirik shartnomalarni imzoladi. AQSH Eksport-import banki bu loyihalarni moliyalashtirishga qiziqish bildirgan.
Qazib chiqarish sohasida esa Schlumberger va Baker Hughes kompaniyalari bilan zamonaviy texnologiyalar, tajriba va boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, “O‘zbekneftegaz” va Gulf kompaniyasi butun mamlakat bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratish maqsadida 100 million dollarlik memorandum tuzdi. Vazirning taʼkidlashicha, ikki-uch yillik dastur doirasida kompressor stansiyalarida agregatlarni almashtirish kamida 800 million dollarga baholanmoqda, AQSH Eksimbanki esa ushbu ishlar koordinatsiyasi uchun 852 million dollarlik kredit liniyasi ochishga tayyor.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, Air Productsning ko‘mirni gazlantirish, sintez-gaz olish va undan ammiak, metanol hamda qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarini ham inobatga olganda, umumiy investitsiya hajmi 3–4 milliard dollarga yetishi mumkin.
Bundan avval, O‘zbekiston Prezidenti Air Products kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezes bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda Buxorodagi gazximiya majmuasi, ko‘mirni gazlantirish hamda ekologik toza aviatsion yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.