Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumatning «Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, stavkalar va o‘yinlarning yagona davlat registri yuritiladi. Unda o‘yinchilar, cheklovlar, shuningdek, o‘yinlarda sarflash mumkin bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha limitlar hamda moliyaviy tranzaksiyalar yuritiladi.
Litsenziya talablariga ko‘ra, bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi ustav kapitali kamida BHMning 150 ming baravari miqdorida (56 mlrd 250 mln so‘m), lotereya tashkilotchisining ustav kapitali esa 55 ming baravar (20 mlrd 625 mln so‘m) miqdorida bo‘lishi lozim.
Bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya uchun ariza berilganda BHMning 500 baravari (187,5 mln so‘m) miqdori yig‘im olinadi. Litsenziya o‘zgartirilganda, litsenziya uchun to‘lovning 50 foiz miqdorida to‘lov qilinadi. Shuningdek lotoreya tashkilotchisi o‘yin hajmining 0,1 foiz miqdorida mablag‘ni litsenziyalovchi tashkilot hisobiga o‘tkazib turadi.
Ushbu qoidalar «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga bukmekerlik faoliyatini litsenziyalashga oid tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.