Valyuta kurslari 27/12/2024
$1 – 12920.48
UZS – -0,06%
€1 – 13436.01
UZS – -0,19%
₽1 – 130.17
UZS – 0,39%
Qidirish
O‘zbekiston 29/11/2024 Toshkentda radikallashuvning oldini olishda mahalliy jamoalarning ishtirokiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkentda radikallashuvning oldini olishda mahalliy jamoalarning ishtirokiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-noyabr kuni Toshkent shahrida "Aholining radikallashuviga qarshi kurashishda mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va YEXHT bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati doirasida bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy Osiyo davlatlaridan Mintaqaviy ekspertlar kengashi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, SHHT MATT, Global hamkorlik va barqarorlik jamg‘armasi, Xalqaro odil sudlov va huquq ustuvorligi instituti, "Search for Common Ground" xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, "Bulan" instituti, "Atlantic Initiative" (Bosniya va Gersegovina) va boshqalar ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilari Mintaqaviy ekspertlar kengashining terrorizmga qarshi kurashish sohasida innovatsion yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim mehanizm sifatida o‘zini namoyon etganligini ta’kidladilar. Kengash repatriantlar bilan ishlash bo‘yicha inklyuziv yondashuvlarni ishlab chiqish, qaytarilgan shaxslarni integratsiya qilish bo‘yicha kompleks dasturlarni yaratish, ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasidir.

O‘zbekistonda mahalla instituti jamiyatda ijtimoiy uyg‘unlikni saqlash, repatriantlarning psixologik moslashuvi, ta’lim olishi va ishga joylashishiga amaliy yordam berishda muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratildi. Ushbu model xalqaro ekspertlar tomonidan jahon miqyosida moslashtirilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or amaliyot sifatida e’tirof etilgan.

Konferensiya Markaziy Osiyo, Bolqon va boshqa mintaqalar mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish maydoniga aylandi. "Atlantic Initiative” (Bosniya va Gersegovina), Odil sudlov va huquq ustuvorligi xalqaro instituti, Global hamkorlik va barqarorlik jamg‘armasi ekspertlarining chiqishlari tashkil etildi.

Mintaqaviy ekspertlar kengashi Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning ta’sirchan mexanizmi sifatida o‘zini namoyon etayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tadbir ishtirokchilari mintaqamiz xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti yo‘lida ochiqlik va ishonch tamoyillari asosida hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida ekspertlar tomonidan Mintaqaviy ekspertlar kengashini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida o‘z ishini boshlagan Kengash platformasi mojaroli hududlardan qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish uchun ekspertlarni birlashtiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling