Valyuta kurslari 26/12/2024
$1 – 12928.27
UZS – 0,14%
€1 – 13462.21
UZS – 0,35%
₽1 – 129.66
UZS – 0,44%
Qidirish
Texnologiyalar 27/11/2024 O‘zbekiston va Koreya: raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi

O‘zbekiston va Koreya: raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Korea Exim Bankning Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi Operatsion guruhi ijrochi direktori UM Sung-Yong bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli texnologiyalar, startaplar va ICT infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida vazir Koreya Exim Banki O‘zbekistonning ICT infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni yuksaltirishda ko‘rsatayotgan doimiy yordamiga alohida e’tibor qaratdi.

“Koreya bizning muhim hamkorimiz bo‘lib, raqamli texnologiyalar sohasidagi tajribasi va qo‘llab-quvvatlashi biz uchun katta ahamiyatga ega. Bizning maqsadimiz – O‘zbekistonda raqamli xizmatlarni yaxshilash, yoshlarga munosib ish o‘rinlari yaratish va xalqaro miqyosda raqobatbardosh davlatga aylanish,” – deya ta’kidladi vazir Sh. Shermatov.

UM Sung-Yong o‘z navbatida, Koreyaning raqamli sohada yaratgan muvaffaqiyatli tizimlari va loyihalarini O‘zbekistonga joriy etish imkoniyatlari borasida kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, loyihalar orqali O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli iqtisodiyotda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish maqsadida muhim ahamiyat kasb etishini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonning raqamli davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish taklifi berildi.

Uchrashuv davomida ikki tomon yurtimizda raqamli iqtisodiyot va ICT infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha masalalarni muhokama qildilar. Bu loyihalar, ayniqsa, IT ta’lim, startap ekotizimi va e-government tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida vazir Sh. Shermatov koreys hamkorlariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi va kelajakda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling