Deputatlar yerni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
U bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini foydalanish turiga qarab 2 guruhga, ya’ni qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga bo‘lish bo‘yicha aniq normalar kiritilmoqda.
Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarni qat’iy muhofaza qilish, bunday yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanish masalasini faqatgina sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti va tuproq sifati bilan bog‘liq jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda ko‘rib chiqilishi yuzasidan huquqiy me’yorlar belgilanyapti.
Bundan tashqari, zaxira fondi tarkibidagi yer uchastkalari hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinishi munosabati bilan tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlari tasarrufiga qaytgan bo‘sh turgan yer uchastkalari o‘rtasidagi farqni aniq belgilab qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan deputatlar bergan takliflar asosida undagi me’yorlar takomillashtirilgani qayd etildi. Xususan, loyihada qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarda yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlariga muvofiq obyektlarni joylashtirishning huquqiy asoslari o‘z aksini topmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yer uchastkalaridan foydalanish shartlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.