“John Deere” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-fevral kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida “John Deere” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, fermer va klaster xoʻjaliklarini zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
John Deere – dunyodagi yetakchi qishloq xoʻjaligi, qurilish va oʻrmon xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilaridan biri boʻlib, 1837-yilda AQShda tashkil etilgan. Kompaniya zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar asosida ishlab chiqarilgan traktorlar, kombaynlar, paxta terish mashinalari va boshqa qishloq xoʻjaligi texnikalarini taklif etadi. Shuningdek, John Deere Financials orqali qishloq xoʻjaligi subyektlari uchun moliyaviy yechimlar, jumladan, kredit va lizing xizmatlarini ham taqdim etadi. Bugungi kunda kompaniya global bozorga sifatli va samarador texnikalarni yetkazib beruvchi ishonchli hamkor sifatida tan olingan.
Uchrashuvda “John Deere” kompaniyasidan MDH mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezident Piter Zakse, global savdo moliyalashtirish bo‘yicha direktor Timo Zaxarias hamda O‘zbekiston bo‘yicha direktor Konstantin Kutelas ishtirok etdi. Shuningdek, “UHM Landtech” MCHJ bosh direktori Baxtiyor Saburov, Yevropa va Amerika mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti investitsiya menejeri Ibrat Abdumalikov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash departamenti direktori Alisher Zaxidov qatnashdi.
Uchrashuvda:
• Qishloq xoʻjaligi subyektlari uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish – imtiyozli kredit liniyalari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi;
• Bojxona imtiyozlari va subsidiya mexanizmlarini takomillashtirish – “John Deere” texnikalariga bojxona imtiyozlari va subsidiyalar qoʻllash imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar davomida tomonlar qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.