O‘zbekiston bolalar huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarni bajaradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyida o‘z ishini boshlagan “O‘zbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni bajarishning milliy mexanizmlari” mavzusidagi ikki kunlik seminarda shu haqda co‘z bordi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Seminar O‘zbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yana-da samarali amalga oshirish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavludaxon Xodjayeva, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha jliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘limining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher o‘z tabrik so‘zlari bilan seminarni ochib berdi.
Xususan, A.Saidov taʼkidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 mln nafarni, yaʼni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. Shu maʼnoda, O‘zbekiston uchun bola huquqlarini taʼminlash masalasi prinsipial ahamiyatga ega hisoblanadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992 yil 9 dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar qatorida birinchi bo‘lib Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan. Mamlakatimiz 2008 yil 11 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir “Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokol”ni, 2008 yil 12 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir “Bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokol”ni ratifikatsiya qildi.
Hozirgi kunda BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining murojaat qilish jarayonlariga taalluqli 3-Fakultativ protokoliga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi masalasi ekspertlar darajasida o‘rganib chiqilmoqda. Mazkur hujjatning mamlakatimiz parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mavluda Xodjayeva eʼtirof etganidek, Konstitutsiyaning 78-moddasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi belgilab qo‘yilganligi eʼtiborga molik.
O‘zbekiston o‘tgan davr ichida 80 dan ziyod xalqaro shartnomaga qo‘shilgan. O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarga so‘zsiz amal qilishga, bolalarning huquqlarini himoya qilishga katta ahamiyat qaratgan davlatlardan biridir. Bu majburiyatlarning ijrosi yuzasidan milliy maruzalar BMTning va boshka xalqaro tashkilotlarning tegishli qo‘mitalariga taqdim etib kelinmoqda.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Kastijio so‘zlariga ko‘ra, parlamentning roli mamlakat qonunchilik bazasi va siyosatining BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi xalqaro inson huquqlari shartnomalari doirasidagi majburiyatlarga muvofiqligini taʼminlashdan iborat. Qonunchilik, byudjet va himoya sohasidagi parlament nazorati bolalar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun sharoit yaratishga yordam beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda. Mamlakatda bolalar huquqlarini taʼminlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinib, ular asosida bolalarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi.
Muhimi, qabul qilinayotgan qonunlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy etishga xizmat qilmoqda. Mamlakat o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, UNICEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta eʼtibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy hisobot taqdim etildi.
Shuni taʼkidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bola huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mavjud qonunlarni takomillashtirish va yangi qonunlar qabul qilish orqali huquqiy asosni mustahkamlamoqda. Jumladan, 2024 yil 14 noyabrda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”, 2024 yil 29 fevralda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani buning yaqqol namunasidir.
Tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlar Yangi O‘zbekistonda bola huquqlari sohasidagi islohotlar qatʼiy, uzviy va izchil tarzda davom ettirilayotganiga eʼtiborni qaratdilar. Bu boradagi samarali saʼy-harakatlar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani eʼtirof etildi.
Xususan, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sofi Kiladze eʼtiroficha, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning fakultativ protokollarida mustahkamlab qo‘yilgan huquqlarni himoya qilish va rag‘batlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhim o‘rin tutadi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy qoidalari, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi. Parlament nazoratining samarali mexanizmlari orqali bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida muhim natijalarga erishilayotgani haqida ham batafsil so‘z yuritildi.
Seminar o‘z ishini 12 fevralda davom ettiradi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.