Portativ lazerli nur tarqatgichlarning muomalasi tartibga solinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘ngi paytlarda portativ lazerli nur tarqatgichlarni O‘zbekiston Respublikasiga qonunga xilof ravishda olib kirish va ulardan foydalanish holatlarining ko‘payishi fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, havo kemalari parvozlarining xavfsizligiga, jamoat tartibiga yuqori darajadagi tahdidlar tug‘dirmoqda.
Qonun loyihasi bilan portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun loyihasida portativ lazerli nur tarqatgichlarning muomalasi sohasida nazorat va ta’sir choralarining samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va undan jabrlanish holatlarini bartaraf etish maqsadlari nazarda tutilgan.
Hujjatda lazerli nur tarqatgichlar muomalasi qisman cheklanmoqda. Ya’ni, tibbiyot va ijtimoiy sohada hozirda ishlatilib kelinayotgan va jamiyatga xavf tug‘dirmayotgan mahsulotlarning foydalanilishiga ruxsat berilishi belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.