Polsha xoldingi O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Yevropa mamlakatlariga eksport qilishga ko'maklashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Polshaning "Green Crops" xoldingi egasi Mateush Ritel va bosh direktor Adam Rujiskiy bilan muzokara o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot avvalida Polsha tomoni kompaniya faoliyati haqida so'zlab berdi. Ta'kidlanishicha, xolding Yevropaning 12 ta mamlakatida o'z fabrikalarini ochgan. "Green Crops" kompaniyasi O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni nafaqat Polsha, balki Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi tarmoq supermarketlariga tarqatish maqsadida o'zbek sheriklar bilan savdo aloqalarini o'rnatishga tayyorligi ma'lum qilindi.
Tomonlar O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar Polsha va Yevropaning boshqa mamlakatlari eksport qilish, ikki mamlakat hududlarida o'tkaziladigan ko'rgazmalarda ishtirok etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida "Green Crops" vakillarining O'zbekistonga safarini tashkil etish, Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan "Agro Expo Uzbekistan/Agrotech Expo" xalqaro qishloq xo'jaligi ko'rgazmasida kompaniya stendini namoyish etish va boshqalar to'g'risida kelishib olindi.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimiz elchixona ko'magida shu yilning may-oktyabr oylarida Toshkent davlat agrar universiteti, Samarqand agro innovatsiyalar va tadqiqotlar instituti, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 120 nafar talabasi "Green Crops" va Krakov qishloq xo'jaligi universitetida haq to'lanadigan o'quv-amaliy stajirovkalarda ishtirok etmoqda.