Pokistonning “CCL Holdings” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 24 iyun kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Pokistonning yetakchi farmatsevtika kompaniyasi “CCL Holdings” rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi.
"CCL Holdings" - 1965 yilda asos solingan, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholi sog‘lig‘ini saqlash, shaxsiy gigiyena va maishiy ehtiyojlarni taʼminlashga qaratilgan yetakchi farmatsevtika kompaniyadir. Kompaniya dunyo bo‘ylab 23 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi, 3 000 dan ziyod mutaxassislar ishlaydi. Yuqori darajadagi ishlab chiqarish bazasi va R&D salohiyati bilan inson salomatligini yaxshilashga intiluvchi, barqaror kelajak sari yo‘naltirilgan kompaniyadir.
Uchrashuv davomida agentlik direktori mehmonlarga "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri, uning imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida davlat xaridlari dasturi, soha regulyatorikasi, tibbiy sug‘urta tizimi va uning farmatsevtika tarmog‘iga taʼsiri yuzasidan masalalar muhokama qilindi.
“CCL Holdings” kompaniyasi vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi bozorlaridagi istiqbollarga qiziqish bildirib, mintaqaga kirish imkoniyatlarini o‘rganish niyati borligini taʼkidladilar.