Pokistonda O‘zbekiston charm sanoati uchun yangi hamkorlik imkoniyatlari ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari hamda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalari Pokistonga amalga oshirgan biznes-missiyasi doirasida ushbu mamlakatning charm sanoati bilan yaqindan tanishdi.
“Prime Tanning Industries”, “Siddiq Shafi Group” kabi yirik kompaniyalarda bo‘lib, xalqaro bozor talablari asosida charm ishlab chiqarish jarayonlari va terini qayta ishlashning zamonaviy usullari o‘rganildi. Shuningdek, laboratoriya nazorati jarayonlarini takomillashtirish va sinov sertifikatlarini olish tizimini O‘zbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
“Badre Alam Traders” kompaniyasi bilan muzokaralar davomida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, terini qayta ishlash sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va yordamchi materiallar hamda yarim tayyor charm mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha Б2Б uchrashuvlar tashkil etildi. Pokistonlik hamkorlar Lahor shahrida O‘zbekiston charm mahsulotlari uchun savdo uyini ochishga qiziqish bildirdilar.
Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da mustahkamlash hamda charm sanoatida yangi istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.