Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FPCCI) rahbariyati, shuningdek, federatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida yuqori salohiyatga qaramay, hali o‘zining maksimal darajasiga yetmagan savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish yo‘llari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi ikki mamlakat o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi va bir qator strategik tashabbuslarni taklif qildi.
Xususan, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari homiyligida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish, kengash tarkibiga to‘qimachilik va charm-poyabzal sanoati, agrosanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va logistika kabi sohalarni ifodalovchi 15 nafar tadbirkorlarni kiritish, shuningdek, joriy yil fevral oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumini o‘tkazish takliflari ilgari surildi.
Tomonlar ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida muntazam muloqot platformasini yaratish, savdo aloqalarini sezilarli darajada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdo hajmini kengaytirish imkonini berishini ta’kidladilar.