Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev Fransiya Mehnat, sog'liqni saqlash, birdamlik va oila vazirligining Yevropa va xalqaro ishlar bo'yicha direksiyasi direktori o'rinbosari Jerom Vaynbax bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tomonlar O'zbekiston va Fransiya o'rtasida sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun ko'plab imkoniyatlar mavjudligini va ushbu yo'nalishda ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish muhimligini ta'kidladilar.
O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi va Fransiya Mehnat, sog'liqni saqlash, birdamlik va oila vazirligi o'rtasida sherikchilik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Xususan, ikki vazirlik o'rtasida dastlabki bosqichda sog'liqni saqlash sohasida barcha yo'nalishlarni qamrab oluvchi Hamkorlik memorandumini imzolash masalasi o'rganish to'g'risida kelishib olindi.
Jerom Vaynbax tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yo'nalishida hamkorlik qilishga e'tibor qaratdi. U o'zbek tomoni uchun muhim bo'lgan yo'nalishlardan kelib chiqqan holda, Fransiyaning tegishli tibbiyot muassasasi bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish, shuningdek, o'zbekistonlik mutaxassislar uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari va treninglarni tashkil etishda ko'mak ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.
O'zbekistonda ijtimoiy himoya yo'nalishidagi loyihalarni amalga oshirish bo'yicha takliflar ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi va Fransiya Mehnat, sog'liqni saqlash, birdamlik va oila vazirligi o'rtasida hamkorlik o'rnatish va bu borada tegishli hujjatni imzolash mumkinligi qayd etildi.