Parijda Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Parij shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari rahbarlari hamda 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, moliya va biznes tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov biznes-forumning ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning yangi imkoniyatlarini o‘rganish uchun o‘ziga xos muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yuqori baholadi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning barqaror dinamikasi qayd etildi. Xususan, 2024-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarga yetdi, bu oldingi yilga nisbatan 14 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, O‘zbekistondan Fransiyaga eksport hajmi qariyb ikki baravar ortib, 800 million dollarni, import esa 330 million dollarni tashkil etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 50 dan ortiq fransuz kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, rivojlanayotgan ishbilarmonlik muhitiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
O‘zbekistonda energetika, infratuzilma, atrof-muhitni muhofaza qilish, aviatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va turizm sohalarida o‘z tajribasini olib kirayotgan dunyoga mashhur Orano, SUEZ, Veolia, Total Energies, Voltalia, EDF, Lactalis, Airbus, MND va boshqa ko‘plab kompaniyalar bor.
Laziz Kudratov munosabatlarni chuqurlashtirish uchun foydalanilmagan katta imkoniyatlarga toʻxtalar ekan, hamkorlikni yanada rivojlantirishning qator yoʻnalishlarini, jumladan, transport va logistika jihatidan oʻzaro bogʻliqliqni rivojlantirish, savdo yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, Oʻzbekiston ehtiyojlariga moslashtirilgan fransuz texnologiyalarini joriy etish orqali innovatsion rivojlanish muhimligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, investorlar manfaatlariga javob beradigan va mamlakat iqtisodiyotini sifat jihatidan o‘zgartirish va barqarorligini oshirishga qaratilgan yangi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
O‘z navbatida, forumda so‘zga chiqqan MEDEF International raisi va “Orano” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Klod Imoven O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi va fransuz biznesi vakillarini O‘zbekiston bozorida faol kirib borishga chaqirdi.
Forum doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralariga o‘zaro muloqot qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
Forum yakunlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv taʼminoti va transport, konchilik, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishni belgilab beruvchi 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.