Valyuta kurslari 19/09/2024
$1 – 12739.95
UZS – 0,06%
€1 – 14191.03
UZS – 0,07%
₽1 – 139.14
UZS – -0,17%
Qidirish
Iqtisod 16/09/2024 Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining, yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi (FOLUR) loyihasi ishga tushirildi

Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining, yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi (FOLUR) loyihasi ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda FOLUR (GCP/UZB/010 /GFF) loyihasi boʻyicha kirish seminari tashkil etildi.

Tadbirda davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, sohaning yetakchi ekspertlari va tegishli idoralar ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi atrof-muhit va iqlim muammolarini hal qilish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi sektorini takomillashtirishda “FOLUR”ning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratishdir. “FOLUR” loyihasi o‘z oldiga yerdan samarali foydalanish texnologiyalari va tabiatni muhofaza qilish yondashuvlarini keng joriy etish, shuningdek, ekotizim degradatsiyasidan ko‘p foyda keltiradigan barqaror boshqaruvga o‘tishni amalga oshirish uchun ekologik toza qo’shimcha qiymat zanjirlarini yaratishni rag‘batlantirishni maqsad qilib qo‘ygan. 

Loyihaning ishga tushirilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) muvofiq barqaror qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻlidagi muhim qadamdir. Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sektoridagi past mahsuldorlik bilan birga oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi natijasida yerdan foydalanish global ko‘lamda 80 foiz o‘rmonlarning kesilishi, chuchuk suvning 70 foizidan foydalanishga, landshaft degradatsiyasi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda.

Tabiatga yetkazilayotgan zararning 30 foizi esa issiqxonalardan ajralib chiqadigan is gazlarga to‘g‘ri keladi. Bu muammolar oziq-ovqat xavfsizligi, ovqatlanish, kambag‘allikni qisqartirish va kengroq ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga tahdid solmoqda. O‘zbekistonning keskin kontinental iqlimi, issiq va quruq yoz sharoitlari hamda o‘zgaruvchan havo harorati tufayli mamlakat qishloq xo‘jaligida o‘ziga xos muammolarga duch kelinmoqda. Tuproq tarkibida organik moddalarning kamligi bilan ajralib turuvchi cho‘l tuproqlari qishloq xo‘jaligining hosildorligini cheklaydi. 

“Loyiha bug‘doy ishlab-chiqarish landshaftlarida hosildorlikni oshirish bilan birga ekotizimlarga va bioxilma-xillikka salbiy ta’sirni kamaytirish hamda ishlab chiqarishda qo‘shimcha qiymat zanjirini ko‘paytirishdan iborat. Ushbu loyiha respublikamizning uchta hududidagi 6 ta tumanda amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida qo‘riqxonalarni yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash orqali yon-atrofdagi qishloq aholisi tomonidan ularga bo‘layotgan salbiy ta’sirlar kamaytiriladi. So‘nggi yillarda respublikamizda tez-tez uchrayotgan chang-bo‘ronlar manbasini aniqlash va ularga qarshi kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqish ham loyiha maqsadlaridan biridir.

Loyihaning yana bir muhim yo’nalishi fermerlar va benfeiciarlar salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni ham o'z ichiga oladi. Fermerlar va benfeiciarlarni o‘qitish orqali biz ularni barqaror dehqonchilik usullarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan bilim va vositalar bilan ta`minlaymiz.” -deya ta’kidladi Aziz Nurbekov, FOLUR loyihasi milliy koordinatori. 

Ta’kidlash joiz, loyiha hududi Qoraqalpogʻiston Respublikasining, shuningdek, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining jami oltita tumanini qamrab oladi. FOLUR loyihasi doirasida umumiy maydoni 50 ming gektar bo‘lgan hududlarni ekologik jihatdan tiklash ishlari amalga oshiriladi, yana 50 ming gektar biologik xilma-xillikni boshqarishning takomillashtirilgan usullariga o‘tadi, bug‘doy bilan band bo‘lgan yerlar ham umumiy maydoni 300 ming gektar yerni boshqarishning takomillashtirilgan usullariga o‘tkazilishi ko’zda tutilgan. 

Seminar loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va uning O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi hamda atrof-muhitni rivojlantirish strategiyalariga qo‘shadigan hissasi uchun mustahkam poydevor yaratishda muhim rol o‘ynaydi. 
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling