Oʻzbekiston va Afgʻoniston raqamli vazirlari IT sohasidagi qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘onistonning Kommunikatsiyalar va axborot texnologiyalar vaziri Najibullox Xayot boshchiligidagi delegatsiya Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan'ga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida dastlab delegatsiyaga IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligida amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi.
Shuningdek, delegatsiya IT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati, muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi — UZSOC hamda Yagona integrator UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrifning asosiy qismida Sherzod Shermatov va Afg‘onistonning Kommunikatsiyalar va axborot texnologiyalar vaziri Najibullox Xayot o‘rtasidagi uchrashuvda raqamli infratuzilmalarni rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, raqamlashtirish, uchun qulay ekotizim yaratish, yuzasidan ham fikrlar almashishdi. Shu bilan bir qatorda ikki tomon uchun foydali bo‘ladigan “Yo‘l haritasi” ishlab chiqishga kelishildi. Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov delegatsiyani joriy yil iyun oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan BMT Davlat xizmati forumida va 23-25-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "ICT Week Uzbekistan" tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.
Tomonlar uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, kelgusi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga umid bildirishdi.