“O‘zto‘qimachiliksanoat” aksiyadorlik jamiyati va Keqiao ma’muriyati bevosita xomashyo yetkazib berish va hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga muvofiq "O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasi rahbariyatining Xitoy davlatiga tashrif amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida bir qator manfaatli uchrashuvlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Xitoyning Keqiao shahri hokimiyati vakillari — Shaoxing shahri hokimi o‘rinbosari Yuan Xiaowen, Shaoxing shahri iqtisodiy zonasi rahbari Zhou Xue Feng, "China Textile City" rahbari Pan Jian Hua va "China Textile Group" rahbari bilan davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati davomida, Shaoxing shahri ishlab chiqaruvchilari, o‘zbek to‘qimachilik kompaniyalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘zaro integratsiya qilish orqali kengaytirish, Xitoy kompaniyalari tajribasida asosida yagona savdo platformasini tashkil etish hamda O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarishlar joriy etish masalalari ko‘tarildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Keqiao shahri hokimiyati va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan o‘zaro aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston mahsulotlarini tan narxini pasaytirish maqsadida xom-ashyo mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishga kelishildi.