“O‘zbekneftgaz” uchta bankdan 207 million dollar kredit jalb qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi kompaniyaning moliyaviy maslahatchisi “Finasia Capital” bilan hamkorlikda joriy yil 28 aprel – 1 may kunlari Buyuk Britaniyaning London shahriga xizmat safarini amalga oshirdi. Ushbu tashrif kompaniyaning xalqaro moliya bozorlaridagi pozisiyalarini yanada mustahkamlash va investitsion imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.
Safarning eng muhim natijalaridan biri – Standard Chartered, MUFG Bank va Abu Dhabi Commercial Bank banklari bilan 207 million dollar miqdorida klub krediti bo‘yicha kelishuv imzolangani bo‘ldi. Kelishuv investision va ESG (ekologik, ijtimoiy va boshqaruv) loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
28–29 aprel kunlari yevroobligatsiyalar chiqarilishi e’lon qilingan davrda 15 ta alohida uchrashuv tashkil etildi. Ularda 50 dan ortiq yirik investisiya kompaniyalari vakillariga “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyati va kelgusi rejalari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Qayd etish joizki, bozordagi holat va investorlar tomonidan bildirilgan qiziqish darajasi bank-tashkilotchilar kutganidan ancha yuqori bo‘ldi. Natijada, 5 yillik yevroobligatsiya chiqarilishi bo‘yicha 1,9 milliard dollarlik so‘rovlar qabul qilindi. Foiz stavkalari bosqichma-bosqich pasaytirilib, 850 million dollar miqdoridagi yevroobligatsiyalar 8,75 foiz yillik yakuniy stavkada joylashtirildi.
Mazkur kelishuvlar “O‘zbekneftgaz” AJ uchun xalqaro moliya bozorlarida yangi bosqichni boshlab, kompaniya nufuzini yanada mustahkamladi.